Nasliy va kasbiy omillar, ekologik muammolar, semizlik, noto’g’ri ovqatlanish, turli mikroorganizm va allergenlar… Bular — bronxial astma xastaligini keltirib chiqaruvchi sabablar ro’yxatida etakchi.
Ammo bolalarda mazkur xastalikni yuzaga keltiruvchi yana bir muhim faktor bor. Buni Avstraliyaning Kvinslend universiteti olimlari aniqladi. Qayd etilishicha, ota-onalardagi davomli ruhiy tushkunlik kelgusida ularning farzandlarida astma xastaligini paydo qilishi mumkin.
Ushbu ilmiy xulosani jamoatchilikka taqdim etish uchun 14 yil zarur bo’ldi. Uzoq yillik tadqiqot davomida mamlakatda yashovchi 3900 nafardan ortiq bolalarga tegishli tibbiy ma’lumotlar tahlil qilindi.
O’rganishlar yakunida ota-onalari o’rta va yuqori darajada stressni boshdan kechirgan o’g’il-qizlarda 77 foiz ko’proq nafas qisishi va hansirash xurujlari kuzatilishi ma’lum bo’ldi.
Alohida mezonlar bo’yicha tahlil qilinganda, onalaridagi depressiya tufayli farzandlarida astmaga chalinish ehtimoli 55 foizga ortishi aniqlandi.
Shuningdek, ota-onalari o’rtacha moliyaviy qiyinchiliklarga ro’baro’kelgan oilalarda dunyoga kelgan o’g’il-qizlarda bu ko’rsatkich 40 foizdan ko’proqni tashkil etgan.
Eslatib o’tamiz, hozirgi kunda dunyo bo’yicha o’rtacha 5 foiz aholi bronxial astma tashxisi bilan yashamoqda. Bolalar o’rtasida bu statistika yanada yuqori — 10 foizga teng.
Sog’liqni saqlash vazirligi
Matbuot xizmati.