Qandli diabetning birinchi turidan aziyat chekuvchi bemorlar muntazam insulin moddasini qabul qilishlari lozim. Ammo inyeksiya shaklidagi bu garmon teri ostiga yuborilishi bois mazkur jarayon koʻpchilik uchun qiyinchilik tugʻdirishi tabiiy.
AQSHning Massachusets texnologiya instituti olimlari ushbu muammo yechimini topish maqsadida izlanishlar olib bordi. Natijada organizmga insulin va boshqa dori vositalarini “ukol”siz yetkazib beruvchi maxsus robot yaratildi.
Yangi “RoboCap” qurilmasining koʻrinishi xuddi dori kapsulasiga oʻxshash. Uning bir uchiga zarur preparat rezervuari oʻrnatilgan. Ikkinchi tomonidan esa moslamani harakatlantiruvchi, uni oshqozon kislotasidan himoya qiladigan va ichak shilliq qavatlaridan oʻtishiga imkon beruvchi mitti mexanizm joy olgan. Qurilma yuzasi jelatin moddasi bilan qoplangan. Olimlar “RoboCap”ni jonivorlarda sinab koʻrdi. Moslama hayvonlar organizmiga insulin va boshqa zarur preparatlarni beziyon va samarali yetkazib berish vazifasini toʻlaqonli uddaladi.
Endi innovatsion ishlanma insonlarda klinik sinovdan oʻtkaziladi.